Media Design Group

Data science va sun’iy intellektni o‘rganish uchun 5 ta sabab

Tokioda Jahon banki tashkil qilgan raqamli akademiya doirasida turli davlat vakillarining sun’iy intellekt yo‘nalishida qilayotgan ishlarini eshitar ekanman, xayolimda yuqoridagi…

MMedia Design Group4 daqiqa o‘qish3077 marta o‘qilgan

Tokioda Jahon banki tashkil qilgan raqamli akademiya doirasida turli davlat vakillarining sun’iy intellekt yo‘nalishida qilayotgan ishlarini eshitar ekanman, xayolimda yuqoridagi gap aylanyapti – biz ortda qolyapmiz.

Darhaqiqat, “Harvard Business Review” jurnali data saynsni “XXI asrning eng jozibador kasbi” deb ataganiga 10 yildan oshdi. Sohaga erta kirib kelganlar katta yutuqlarga erishdi. Tesla va Waymo o‘zi yurar mashinalar chiqardi. Google va Apple smartfonlari odamlar bilan bemalol muloqot qiladigan darajaga yetdi. ChatGPT va Google Gemini dasturlari odamlarning kundalik yordamchisiga aylandi. Matn, audio, rasm va video generatsiya qiluvchi dasturlar esa kundan kunga rivojlanib bormoqda. Afsuski, biz bu sohada biroz ortda qoldik, lekin tushkunlikka tushishga hojat yo‘q. Aksincha, holatni o‘nglash va yetkazib olishga harakat qilishimiz zarur. Bbu esa sohaga kirish uchun eng yaxshi vaqt hozir ekanini anglatadi. Keling, quyida data sayns va sunʼiy intellektni o‘rganishni bugunoq boshlash uchun 5 sabab haqida gaplashamiz.

1. Kelajak sun’iy intellekt bilan

“Biznesingiz internetda (onlayn) bo‘lmasa, yaqinda biznesingiz umuman bo‘lmaydi”. Bill Geyts 30 yil avval aytgan bu gapni bugun “Biznesingiz sun’iy intellektdan foydalanmasa…” deb boshlagan bo‘lardim.

Bu haqiqatni chet el kompaniyalari allaqachon anglab yetgan. McKinsey so‘rovnomasiga ko‘ra, 72% kompaniyalar SIni o‘z biznesiga u yoki bu ko‘rinishda tatbiq qila boshlagan. Kompaniyalarning 90% esa raqobatbardoshlikni SI bilan bog‘lagan. Startaplarni kuzatib boruvchi Crunchabse portali ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda investorlar aynan SI bilan bog‘liq startaplarga eng ko‘p (33%) sarmoya kiritgan.

10–20 yillar avval bizneslar internetda o‘z veb-saytini yaratishni, 4–5 yil avval esa ijtimoiy tarmoqlarda sahifalarini yuritishni boshlagan bo‘lsa, endi navbat SIga keldi. Bugun kompaniyalar samaradorlikni oshirish, boshqaruvda ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish va, umuman olganda, raqobatbardosh bo‘lish uchun SIni biznesning har bir jabhasiga kiritishga majbur bo‘lmoqda. Natijada oxirgi yillarda ma’lumotlar bilan ishlaydigan va shu asosida kompaniya uchun SI yechimlar ishlab chiqa oladigan data sayns mutaxassislariga talab keskin oshdi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “Tayyor SI dasturlar ko‘p-ku, bizneslar shundan foydalansa bo‘lmaydimi, o‘zi uchun alohida SI yaratishi shartmi?”

Gap shundaki…

2. Bizga o‘zimizning sun’iy intellektimiz kerak

Zamonaviy SI dasturlar ma’lumotlar ustiga quriladi. Misol uchun, ahamiyat bersangiz, Instagram yoki Youtube kabi ilovalar doim aynan sizga yoqadigan kontentni topga chiqaradi. Bu ilovalardan qancha uzoq foydalansangiz, tavsiya algoritmi sayqallashib, sizga moslashib boradi. Buning ortida sizning maʼlumotlaringizni doimiy tahlil qilib boradigan maxsus SI modellar turadi.

Boshqa bizneslar ham o‘z mijozlari uchun SI yaratishni xohlar ekan, birinchi navbatda, mijozlari haqidagi maʼlumotlarni jamlab borishi lozim bo‘ladi. Masalan, Uzum Tezkor va shu kabi turli onlayn savdo xizmatlari doimiy ravishda buyurtmalaringiz tarixini saqlab boradi. So‘ngra bu maʼlumotlar asosida sizga turli tavsiyalar beradi. Maʼlumotlar bilan ishlash, ular asosida kompaniya talablari va, eng muhimi, mijozlari uchun mos keladigan SI data sayns mutaxassislari tomonidan yaratiladi. Shuning uchun ham oxirgi vaqtlarda bunday mutaxassislarga talab ortgan. Bu bizni keyingi muammoga va SIni o‘rganish uchun yana bir sababga olib keladi.

3. Bozorda mutaxassis kam, talab esa katta

Yuqorida aytganimizdek, chet elda data sayns sohasiga urg‘u berilib, alohida mutaxassislar tayyorlash avvalroq boshlangan edi. O‘zbekiston esa bu borada biroz ortda qoldi. Umuman olganda, 2021-yilda Mohirdevʼda “Data Sayns va Sunʼiy Intellekt” kursini chiqargunimizga qadar o‘zbek tilida bu yo‘nalishni o‘rgatadigan birorta oliygoh, o‘quv markazi, hatto kurslar ham yo‘q edi. Tabiiyki, bizning ilk bitiruvchilarimizning aksari bozorda o‘z o‘rnini topdi. Ba’zilari esa o‘z startaplarini yo‘lga qo‘ydi. Lekin bugun soha yanada ko‘proq mutaxassisga muhtoj. Ish o‘rinlarini eʼlon qilib boruvchi portallar tahlili ham O‘zbekistonda aynan data sayns mutaxassislariga talab keskin oshib borayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 2024-yilda vakansiyalar soni bo‘yicha bu yo‘nalish 4-o‘ringa ko‘tarilganini ko‘rish mumkin. Bugun data sayns mutaxassislari deyarli har bir sohada kerak: davlat boshqaruvi, moliya, meditsina, xususiy sektor, ishlab chiqarish va hokazo.

Mohirdevʼga ham doimiy ravishda turli davlat tashkilotlari va xususiy firmalardan maʼlumotlar bilan ishlay oladigan mutaxassislarni topib berish bilan murojaat qilishadi. Biz ham ularga bitiruvchilarimizni tavsiya qilamiz. Darvoqe, data sayns bilan bog‘liq vakansiyalarning katta qismi junior (20%) va midl (37%) darajalar uchun. Bu ham avvalgi yillarga qaraganda katta o‘zgarish.

Umuman olganda, ish bozori tahlili data sayns va SI bilan bog‘liq vakansiyalar xilma-xillashib borayotganini ham ko‘rsatadi. Bu esa sohani o‘rganishning navbatdagi sababidir.

4. Yo‘nalish ko‘p, o‘rganish oson, kod yozish kam

Bilmagan odam uchun data sayns va SI yo‘nalishi yaxlit bir sohadek ko‘rinishi mumkin. Xuddi frontend dasturchi faqat saytlarni tashqi ko‘rinishi bilan, bekend esa uning ortidagi jarayonlar bilan shug‘ullangani kabi. Aslida esa soha juda keng qamrovli bo‘lib, data analitik, biznes analitik, data injener, prompt injener, machine learning, computer vision, natural language processing, MLOps va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi. Yo‘nalishlarning ko‘pligi esa, o‘z navbatida, bu sohaga turli bilim va tajriba bilan kirish mumkinligini anglatadi. Misol uchun, data va biznes analitiklardan ko‘proq kod yozish emas, mantiqiy fikrlash, maʼlumotlarni tahlil qilish kabi ko‘nikmalar talab qilinadi. ML injenerlar esa, aksincha, tayyor maʼlumotlar bilan ishlab, turli algoritmlar yordamida SI modellar yaratadi. Hozirda ML injener bo‘lish uchun matematikani bilish ham talab qilinmaydi. Muhimi ML algoritmlar qanday ishlashini bilib, berilgan muammo uchun to‘g‘ri algoritm tanlab, SI model yaratish kifoya.

Dasturlashning boshqa yo‘nalishlariga nisbatan ham data sayns mutaxassislari kamroq kod yozib, ko‘proq natijaga erishadi. Bunga o‘rganish uchun oson va aynan data sayns uchun minglab tayyor kutubxonalardan iborat Python dasturlash tili sababchidir. Python boshidanoq olimlar tomonidan ilmiy izlanishlarni osonlashtirish uchun yaratilgani sabab til sintaksi sodda va maksimal ravishda ingliz tiliga yaqinlashtirib yozilgan.

5. Maoshlar

Data saynsni o‘rganishni bugundanoq boshlashga va sohaga ertaroq kirishga yana bir sabab bu – sohadagi mutaxassislarning maoshi. Data sayns va yuqorida aytib o‘tilgan unga aloqador yo‘nalishdagi xodimlarning o‘rtacha maoshi qolgan barcha sohalardan yuqori bo‘lib qolmoqda. 2024-yil ish o‘rinlari tahlil qilinganida O‘zbekistonda bu sohadagi junior vakansiyalarda taklif o‘rtacha 8–10 mln so‘mdan boshlanganini ko‘rish mumkin. Soha yangi bo‘lgani uchun juniorlarga qo‘yilayotgan talablar ham nisbatan pastroq. Bunga, avvalroq aytilganidek, mutaxassislar kamligi sabab bo‘lib qolmoqda.

  • #sun'iy intellekt
  • #data science

Maqola foydali bo‘ldimi? Do‘stlaringiz bilan ulashing.

Media Design Group

Veb-saytlar, kitob va davriy nashrlarni sahifalash, infografika, grafik dizayn va AI yechimlar.

Biz haqimizda