Big data nima?
Biz hozir jurnalistikaning o‘rni va ta’siri keskin o‘zgarib borayotgan, raqamli axborot vositalari (raqamli OAV kanallari) va raqamli ma’lumot uzatish texnologiyalari keng ommalashib borayotgan yangi axborot asrida yashayapmiz. Mobil platformalar va ijtimoiy tarmoqlar yangiliklar kontenti (mavzu-mundarijasi)ni ishlab chiqish hamda ularni tarqatish yo‘llarini o‘zgartirmoqda. Bu boradagi eng so‘nggi tendensiyalardan biri bu katta axborot oqimining yuzaga kelganligidir.
Bu kabi katta axborot oqimining yuzaga kelishi esa jurnalistika sohasida yangi ilmning vujudga kelgani va uni o‘rganish talabi mavjudligini ko‘rsatadi. Katta axborot oqimi tushunchasi fanga nisbatan kechroq, ya’ni 2008-yilda kirib keldi. Shu yili “Nature” jurnali muharriri Klifford Linch dunyo ma’lumotlar hajmining juda tez sur’atlarda o‘sishiga bag‘ishlangan maxsus sonida “Big data” – katta axborot atamasini qo‘llagan. Lekin katta ma’lumotlar avval ham bo‘lgan.
Big data, ya’ni katta ma’lumotlar – vaqt o‘tishi bilan eksponensial ravishda o‘sib boradigan, strukturalangan, strukturalanmagan va yarim strukturalangan ma’lumotlarning juda katta va xilma-xil to‘plamlarini anglatadi. Ushbu ma’lumotlar to‘plamlari hajmi, tezligi va xilma-xilligi jihatidan shunchalik katta va murakkabki, an’anaviy ma’lumotlarni boshqarish tizimlari orqali ularni saqlash, qayta ishlash va tahlil qilish imkonsiz.
Ma’lumotlar hajmi
Mutaxassislarning fikricha kuniga 100 Gbdan ko‘p ma’lumotlar tushadigan oqimlarga “Big data” atamasi qo‘llanar ekan. IBS, Google va shu kabi katta kompaniyalarning ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda raqamlangan ma’lumotlar hajmi eksponensial ravishda o‘sib bormoqda. Birgina 2003-yilning o‘zida 5 eksabayt (ma’lumot uchun: 1 eksabayt – 1 milliard GB) ma’lumot yig‘ilgan. 2008-yilda ma’lumotlar oqimi 0.18 zettabayt (ma’lumot uchun: 1 zettabayt – 1024 eksabayt) gacha, 2011-yilga kelib 1.76 zettabayt, 2013-yilda esa 4.4 zettabaytgacha yetgan. 2015-yilning mayida dunyoda yig‘ilgan raqamlanga ma’lumotlar hajmi 6.5 zettabaytdan oshib ketgani aniqlangan.
Kelajakda...
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2020-yilga kelib insoniyat 40-44 zettabayt raqamli ma’lumot hosil qilgan. Bu hajm esa kundalik hayotda ko‘p duch keladigan Gb va Tb hajmlarda hisoblaganimizda inson aqli bovar qilmaydigan sonlarni ko‘rishimiz mumkin bo‘lishini anglatadi.
- #big data
- #data jurnalistika
- #data analitika
Media Design Group
Veb-saytlar, kitob va davriy nashrlarni sahifalash, infografika, grafik dizayn va AI yechimlar.

