Promptlar – sun’iy intellektga yo‘nalish berish uchun birgalikda ishlaydigan bir nechta asosiy qismlardan tashkil topgan. Har bir prompt bu qismlarning barchasini o‘z ichiga olmaydi, ammo har bir qism qanday ishlashini tushunish sizga aniqroq va samaraliroq so‘rovlar yaratishga yordam beradi.
Promptning asosiy qismlari quyidagilardan iborat:
Yo‘riqnoma (Directive);
Misollar (Examples);
Rol (Persona);
Natijaviy format (Output Formatting);
Qo‘shimcha ma’lumot (Additional Information).
1. Yo‘riqnoma (Directive)
Yo‘riqnoma – bu promptdagi asosiy ko‘rsatma bo‘lib, AIga aynan qanday vazifa bajarishi kerakligini bildiradi. Aniq yo‘riqnoma bo‘lmasa, AI umumiy yoki mavzuga aloqasi bo‘lmagan javob qaytarishi mumkin.
Yo‘riqnoma nima?
Bu qisqacha ko‘rsatma yoki savol bo‘lib, AIga qanday harakat qilish kerakligini bildiradi. U matn yozish, masalani yechish yoki ma’lumotni ma’lum bir formatda taqdim etishni o‘z ichiga olishi mumkin.
Misol:
1. Aniq yo‘riqnoma bilan prompt: Menga o‘qish uchun beshta yaxshi kitob ayting.
2. Biroz yashirin (implied) yo‘riqnomalar ham mavjud: Night – Tun; Morning – ...
Bu yerda ko‘rsatma bevosita aytilmagan bo‘lsa-da, misol shakli orqali AIga tarjima vazifasi yuklanadi.
Yo‘riqnoma yozishdagi eng yaxshi amaliyotlar:
aniq va qisqa yozing;
mavhum yoki noaniq ko‘rsatmalardan saqlaning;
iloji bo‘lsa, harakat bildiruvchi fe’llardan foydalaning “yozing”, “sanab chiqing”, “tarjima qiling” kabi.
2. Misollar (Examples)
Vazifa murakkab bo‘lgan hollarda, AIga kutilgan natijani tushuntirish uchun misollar kiritish foydalidir. Bu yondashuv ayniqsa “one-shot” va “few-shot prompting” usullarida qo‘llaniladi, ya’ni modelga bitta yoki bir nechta namunaviy javob ko‘rsatiladi.
Nima uchun misollardan foydalaniladi?
Misollar natijaning qanday format, uslub yoki tuzilishga ega bo‘lishini ko‘rsatadi. Misollar AI xatti-harakatlarini yo‘naltiradi va aniqroq javob olishga yordam beradi.
Misol:
Quyidagi jumlalarni tarjima qiling:
inglizcha: I like apples.
o‘zbekcha: Men olmalarni yaxshi ko‘raman.
inglizcha: I enjoy walking.
o‘zbekcha: -
AI bu yerda qanday tarjima qilishni misoldan o‘rganadi va keyingi jumlalarni ham shu andozaga muvofiq tarjima qiladi.
Eng yaxshi amaliyotlar:
vazifaga mos va aniq misollar bering;
kutilayotgan natijaning strukturasi va mazmunini ko‘rsating;
misollar sonini vazifa murakkabligiga qarab moslashtiring.
3. Rol (Persona)
AIga ma’lum rol yuklash (masalan, mutaxassis, shifokor, jurnalist kabi) javob uslubi va mazmuniga ta’sir qiladi. Bu modelga ma’lum ohang va kontekstdan foydalanishga yordam beradi.
Rol nima?
Bu AIga o‘zini kim sifatida tasavvur qilishi kerakligini bildiradigan ko‘rsatmadir. Rol berish model javobining aniqligini oshiradi, ayniqsa soha bo‘yicha maxsus bilimlar yoki ohang talab qilingan hollarda.
Misol:
AIga huquqshunos rolini yuklash:
Siz huquqshunossiz. Quyidagi keysdan kelib chiqib vaziyatga huquqiy baho bering.
Eng yaxshi amaliyotlar:
rol tanlashda vazifaga mos mutaxassislikni belgilang;
maxsus uslub yoki nutq ohangi kerak bo‘lsa, roldan foydalaning;
rol bilan birga qo‘shimcha kontekst ham taqdim qiling.
4. Natijaviy Format (Output Formatting)
Ba’zida AI’dan olingan natijaning ma’lum strukturada bo‘lishi muhim. Bu ro‘yxat, jadval, odatiy paragraf, CSV, Markdown kabi shakllar bo‘lishi mumkin. Format ko‘rsatmasi noto‘g‘ri shakldagi natijalarning oldini oladi.
Nima uchun format muhim?
Aniq format ko‘rsatmasi bo‘lmasa, AI to‘g‘ri ma’lumot bersa ham, foydalanuvchiga kerakli ko‘rinishda bo‘lmasligi mumkin. Aynan formatlash natijani tahlil qilishni yoki dasturda qayta ishlashni osonlashtiradi.
Misol:
CSV formatda natija talab qilish:
Ish: 2024_ABC_International
Mijoz: XYZ Corporation
Yurisdiksiya: Yevropa Ittifoqi va AQSH
Holati: Faol
Yetakchi advokat: John Doe
Keyingi sud: 2024-10-15
Ushbu ma’lumotni CSV formatda chiqaring.
Natija:
Case,Client,Jurisdiction,Filed Date,Status,Lead Attorney,Next Hearing 2024_ABC_International, XYZ Corporation, EU & USA, 2024-09-01, Active, John Doe, 2024-10-15
5. Qo‘shimcha Ma’lumot (Additional Information)
Ba’zan “kontekst” deb ataladigan bu element AIga zarur fon ma’lumotini beradi. Bu, ayniqsa, murakkab yoki sohaviy vazifalarda to‘g‘ri va aniq javob olish uchun juda muhim.
Qo‘shimcha ma’lumot nima?
Bu – AIga aniqroq javob berishi uchun zarur bo‘lgan faktlar, tarixiy ma’lumotlar yoki statistikalar. AI o‘zi bu ma’lumotlarni “bilmasligi” mumkin, shuning uchun siz taqdim etishingiz kerak.
Misol:
Qo‘shimcha ma’lumot:
2020-yil 12-may: Mijoz avtoulov boshqarib ketayotib piyodani urib yuborgan. Jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yetgan. Dastlabki tergov natijasida Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bo‘yicha ish ochilgan.
2020-yil 25-iyun: Jabrlanuvchi bilan yarashuvga erishilgan. Fuqarolik da’vosi qanoatlantirilgan. Ish sud tomonidan tugatilgan.
2022-yil 3-dekabr: Mijoz yana yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda avtomobil boshqarganligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 131-moddasi asosida javobgarlikka tortilgan.
Prompt:
Siz advokatsiz. Ushbu keys asosida mijozning kelajakda jinoyat yoki ma’muriy javobgarlikka tortilish ehtimolini baholang. Mavjud qonunchilik va amaliyot asosida xulosalar chiqaring.
Eng yaxshi amaliyotlar:
faqat zarur ma’lumotni kiriting. Keraksiz tafsilotlarni sun’iy intellektga jo‘natmang;
ma’lumot va vazifa o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’minlang;
AIga o‘zi ega bo‘lmagan zarur vaziyatni taqdim eting.
Prompt qismlarining tavsiya etilgan tartibi
Prompt qismlarini joylashtirishning yagona to‘g‘ri usuli yo‘q, ammo samarali natija olish uchun tavsiya etilgan tartib mavjud:
misollar (agar kerak bo‘lsa);
qo‘shimcha ma’lumot;
rol (kim sifatida javob berishi kerak);
yo‘riqnoma (aniq vazifa);
format ko‘rsatmasi.
Misol:
1. Misol: 2024-yil 20-fevral: Mijoz ishlayotgan kompaniyadan hech qanday sababsiz ishdan bo‘shatilgan. Mehnat shartnomasida belgilangan 1 oylik ogohlantirish muddati buzilgan. Sud ishni ko‘rib chiqib, ishdan bo‘shatishni noqonuniy deb topgan va kompensatsiya tayinlagan.
Xulosa: Mehnat qonunchiligi buzilgan, mijoz foydasiga qaror chiqarilgan.
2. Qo‘shimcha ma’lumot: 2025-yil 5-aprel: Mijoz ishlayotgan tashkilot moliyaviy inqiroz sababli ishchilar sonini qisqartirishga qaror qilgan. Mijoz 3 yildan beri ishlayotgan bo‘lishiga qaramasdan, qisqartirishga tushgan. Mijozga 2 hafta oldin ogohlantirish berilgan, ammo to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.
2025-yil 25-aprel: Mijoz kompaniyaga yozma ravishda mehnat huquqlari buzilganini bildirgan va ishga tiklashni so‘rab murojaat qilgan, biroq javob olmagan.
Prompt: Siz mehnat huquqi bo‘yicha tajribali yuristsiz. Yuqoridagi holatni mehnat qonunchiligi nuqtai nazaridan tahlil qiling va mijozning ishga tiklanish imkoniyati bor-yo‘qligini huquqiy asosda baholang.
Javobingizni quyidagi shaklda taqdim eting:
huquqiy tahlil (O‘zbekiston qonunchiligiga tayanib);
mijozning da’vosi asoslimi yoki yo‘q;
ehtimoliy sud qarori prognozi;
tavsiya etilgan keyingi huquqiy qadamlar.
Nega bu tartib muhim?
Promptda yo‘riqnoma oxirida kelsa, AI avval ma’lumotlarni qayta ishlaydi va keyin vazifaga e’tibor beradi. Agar yo‘riqnoma boshida bo‘lsa, model vazifani bajarmasdan kontekstni davom ettirib yuborishi mumkin (chunki AI’lar odatda “navbatdagi so‘z”ni bashorat qilishga o‘rgatilgan).
Xulosa qilib aytganda samarali prompt yozish uchun uning asosiy qismlarini tushunish zarur: yo‘riqnoma, misollar, rol, format va qo‘shimcha ma’lumot. Bu elementlar orqali siz AI’dan aniq, to‘g‘ri va foydali javoblar olishingiz mumkin. Turli kombinatsiyalar bilan tajriba qilish esa har xil vazifalar uchun optimal so‘rovlarni shakllantirishga yordam beradi.
- #data jurnalistika
- #sun'iy intellekt
- #data science
Media Design Group
Veb-saytlar, kitob va davriy nashrlarni sahifalash, infografika, grafik dizayn va AI yechimlar.



